O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi T.Qo‘ziyev, mudofaa vaziri o‘rinbosari T.Hamroqulov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, xavfsizligini ta’minlash, yurtimizda zamonaviy talablarga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotning mustahkam kafolati bo‘lgan milliy armiyani shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Bu boradagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar yoshlar uchun armiya safida xizmat qilish oliy sharaf va burchga aylanishida muhim omil bo‘lmoqda. Yoshlar qalbi va ongida Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, yurt taqdiri uchun daxldorlik, fidoyilik kabi ezgu g‘oyalarni mustahkam qaror toptirishda harbiy vatanparvarlik yo‘nalishidagi ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi turli ijodiy loyihalar, ko‘rgazmalar, ma’rifiy tadbirlar tashkil etmoqda. Jumladan, oltmish nafarga yaqin musavvir yurtimizning turli hududlaridagi harbiy qismlar faoliyati, harbiylar hayoti bilan atroflicha tanishdi. Mazkur ijodiy loyiha natijasi o‘laroq, ona yurtimizning buguni, porloq kelajagi, tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining hayoti aks ettirilgan yangi tasviriy asarlar yaratildi. Ularning eng saralari «Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni» ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda. Ular orasida askarlar, ofitserlarning portretlari, o‘quv mashg‘ulotlari, yurtimiz sarhadlarining daxlsizligini ta’minlashdek mas’uliyatli jarayon jonli va rang-barang bo‘yoqlarda ta’sirchan ifodalangan. Buni Baxtiyor Obidovning «Er yigit», Imyor Mansurovning «Tinchlik posboni», Biloliddin Mullajonovning «Chegarachilar», Azamat va Alisher Otaboyevning «Jonajon o‘lka», Xayrulla Qosimovning «Xush kelibsiz!» kabi asarlari misolida ham ko‘rish mumkin. uza.uz